Bosh prokuratura Akademiyasida tashkillashtirilayotgan o'quv kurslari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5438-son Farmoni talablaridan kelib chiqqan xolda o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka alohida ahamiyat berilgan xolda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 20 avgustida Akademiyaning sud zali o'quv-immitatsiya xonasida “Jinoyat sud protsessida prokuror vakolatlarini ta'minlashning samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida tashkillashtirilgan malaka oshirish o'quv kursining tinglovchilari uchun jinoyat ishlari bo'yicha Yunusobod tuman sudining sud`yasi F.Ismailova raisligi ostida, davlat ayblovchisi shu tuman prokuror yordamchisi J.Usmonov ishtirokida qonunga xilof ravishda O'zbekiston Respublikasiga kirish jinoiy harakatlarini sodir etgan va Jinoyat kodeksining 223-moddasi birinchi qismi bilan ayblanib sudga berilgan O.V.ga nisbatan jinoyat ishi bo'yicha sayyor sud majlisi tashkillashtirildi.
Sud protsessi yakunlanganidan so'ng sudya F.Ismailova va Akademiyaning sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash kafedrasi o'qituvchilari hamda tinglovchilari ishtirokida davra suhbati o'tkazilib, unda ko'rilgan konkret jinoyat ishining tahlili, mazkur toifadagi jinoyat ishlari bo'yicha shakllangan sud amaliyoti, mazkur toifadagi jinoyatlarni tergov qilish va sudda ko'rish jarayonida uchrayotgan muammolar atroflicha muhokama etildi.