Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilarining Oliy sud majlisida sayyor mashg'uloti

Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilarining Oliy sud majlisida sayyor mashg'uloti

“Jinoyat sud protsessida prokuror vakolatlarini ta'minlashning samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida Akademiyada tashkillashtirilgan malaka oshirish o'quv kursining tinglovchilari uchun joriy yilning 22 avgustida O'zbekiston Respublikasi Oliy sudida sayyor mashg'ulot tashkillashtirildi.

Ushbu mashg'ulot davomida tinglovchilar bevosita nazorat instantsiya sudida konkret toifadagi jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko'rish bo'yicha o'tkazilgan sud majlislarida ishtirok etdilar.

O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan jinoyat ishlari jazoni ijro etish muassasalarida  uzoq muddat davomida jazoni o'tayotgan mahkumalarning nazorat tartibidagi shikoyatlariga asosan ko'rilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari sharoitida qonunchilikka kiritilgan javobgarlikni liberallashtirish bilan bog'liq normalar hamda insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, bir qator jinoyat ishlari bo'yicha sud hukmlarini o'zgartirish haqida qarorlar qabul qilindi. Bir qator mahkumalarga nisbatan quyi sudlar tomonidan tayinlangan jazolar yengillashtirib, ularga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazolari o'talgan deb topilib sud zalidan ozod qilindilar.

Ushbu jinoyat ishlarining ko'rilishida sud zalida hozir bo'lgan tinglovchilar yuqori turuvchi sud instantsiyasida prokurorning ishtiroki, uning har bir ko'rilgan jinoyat ishi doirasidagi pozitsiyasi, yuqori turuvchi sud instantsiyasida ishning ko'rilishi natijalari bo'yicha prokuror fikrida aks ettiriladigan masalalar, jazo tayinlash va jazodan ozod qilish masalalari bo'yicha nazorat sud instantsiyasining amaliyoti bilan yaqindan tanishdilar.

Sayyor mashg'ulot yakuni bo'yicha Akademiyaning sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash kafedrasi o'qituvchilari va tinglovchilari sud-prokuror amaliyotidagi bir qator masalalar bo'yicha fikr almashdilar.