Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha sayyor trening

Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha sayyor trening

2019 yilning 21-23 avgust kunlari Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistondagi samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurash” loyihasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida “2030 yilgacha bo'lgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korruptsiyaga qarshi kurashish” mavzusidagi trening o'tkazildi.

Tadbir BMT Taraqqiyot dasturining Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Global loyihasi (ACPIS) ko'magida tashkil qilindi.

Tadbirda Bosh prokuratura, Oliy sud, Biznes-ombudsmen, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Bosh prokuratura Akademiyasi  vakillari hamda davlat organlarining idoraviy muvofiqlashtiruvchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda xalqaro ekspertlar sifatida BMT Taraqqiyot dasturining korruptsiyaga qarshi kurashish Global dasturining maslahatchisi Anga Timilsina, BMT Taraqqiyot dasturining tinch va inklyuziv jamiyatlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Global loyihasi (ACPIS) rahbari Aida Arutyunova va BMT Taraqqiyot dasturining korruptsiyaga qarshi kurashish Global dasturi bo'yicha tadqiqotlar sohasidagi tahlilchi Sharlin Lui qatnashishdi.

Uch kunlik trening 2030 yilgacha bo'lgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshirishga yagona yondashuvni ishlab chiqish, shu jumladan 16-maqsad – “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar” va 16.5-vazifa – “Korrupsiyaga qarshi kurashish” masalalarini muhokama qilish uchun ekspert maydonchasi bo'lib xizmat qildi.

Tajriba almashish bilan bir qatorda, xalqaro ekspertlar tomonidan ishtirokchilarning 2030 yilgacha bo'lgan davrda Global rivojlanish kun tartibi doirasida korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha samarali monitoring va hisobotni amalga oshirish hamda barqaror rivojlanish milliy strategiyalariga korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida sog'liqni saqlash, ta'lim, qurilish va davlat xaridlari kabi tarmoqlarda korrupsiya xavflarini aniqlash bo'yicha bilim va malakalarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar olib borildi.