Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari

2019 yil 4 sentyabr kuni Xalqaro biznes markazining konferens-zalida Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish yozma imtihoni bo'lib o'tdi. Yozma imtihon chet tili bo'yicha test savollari va huquqiy mavzudagi essedan iborat.

Akademiya qabul komissiyasi tomonidan kirish imtihonini xolis, ochiq va shaffof o'tkazilishini ta'minlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Xususan, chet tili bo'yicha test savollarini tuzish, imtihonni o'tkazish va javoblarini baholash uchun Davlat test markazi jalb qilingan.

Yozma imtihonni o'tkazishda kuzatuvchi hamda imtihon javoblarini tekshirishda mutaxassis sifatida turli ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va boshqa idoralar vakillari taklif qilingan.

Imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinib, har bir nomzodga individual identifikatsion raqam berilgan, imtihon javoblari esa to'liq shifrlangan.

Imtihonni o'tkazish jarayoni to'liq videotasvirga olinib, Bosh prokuratura Akademiyasining Feysbukdagi rasmiy sahifasi orqali onlayn tarzda namoyish qilinishi tashkillashtirilgan (www.facebook.com/ProsecutorAcademy).

Esse mavzulari, biletlar, suhbat savollari, shuningdek abiturientlar ro'yxati va ularning imtihonga kirish vaqtlari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy veb-saytida oldindan e'lon qilingan (http://proacademy.uz/uz/posts/0187).

Magistraturaga tanlov “yurisprudensiya” mutaxassisligi bo'yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan shaxslar, shu jumladan amaldagi prokuratura organlari xodimlari orasida o'tkazilayotganligini eslatib o'tamiz.

Akademiya magistraturasining “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korrupsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishlari bo'yicha 2019/2020 o'quv yiliga jami 30 ta qabul kvotalari tasdiqlangan, Akademiya magistraturasida tahsil olish uchun 310 nafar nomzod hujjat topshirgan, shunday qilib har bir o'rin uchun 10 dan ortiq kishi ishtirok etdi.

Suhbat shaklida kirish imtihonining ikkinchi bosqichi 9-11 sentyabr kunlari o'tkazilishi rejalashtirilgan.