Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarining yakuniy bosqichi

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlarining yakuniy bosqichi

2019 yil 9-11 sentyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida magistraturaga kirish imtihonlarining chet tili bo'yicha test sinovi va huquqiy mavzuda esse bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar bilan suhbat bo'lib o'tmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi nizomga muvofiq, esse uchun belgilangan maksimal ballning 56 foizi va undan ortiq ball to'plagan nomzodlar suhbatga kiritildi.

Kirish imtihonini o'tkazishda xolislik, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga turli ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari va boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb etilgan.

Imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinib, suhbat o'tkazish jarayoni kirish imtihonlarining oldingi bosqichlari singari to'liq videotasvirga olinib kelinmoqda.

Suhbat savollari, shuningdek bo'lib o'tgan kirish imtihonlari natijalari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy veb-saytida e'lon qilingan (www.proacademy.uz/uz).

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq joriy o'quv yilida ilk marotaba Akademiya magistraturasiga qabul o'tkazilmoqda.

Akademiya magistraturasining “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korruptsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishlari bo'yicha 2019/2020 o'quv yiliga jami 30 ta qabul kvotasi tasdiqlangan, 
Akademiya magistraturasida tahsil olish uchun 310 nafar nomzod hujjat topshirgan.

Bosh prokuratura Akademiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlardan kelib chiqqan holda eng muhim va dolzarb hisoblangan “korruptsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishi bo'yicha mutaxassislar tayyorlashni amalga oshiradigan birinchi ta'lim muassasasi hisoblanadi.