2019 yil 19 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun “Jinoyat protsessual huquqi” fani doirasida o'quv mashg'ulotlari o'kazildi.
“Isbot qilishning umumiy shartlari”, “Dalillarni to'plash usullari” “Ko'zdan kechirish tergov harakatini tayinlash va o'tkazish tartibi” mavzularidagi o'quv mashg'ulotlari Akademiyaning Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risidagi qonunlar ijrosi ustidan nazorat kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan Akademiyaning kriminalistik xona va kriminalistik poligon imkoniyatlarini qo'llagan holda o'tkazildi.
Talabalar jinoyatlarni tergov qilish jarayonida yuzaga keladigan masalalar bilan tanishish barobarida o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Ta'lim jarayonini o'qitishning amaliy xususiyatiga tayangan holda tashkil etish, bu borada mavjud ilg'or xorijiy tajribani qo'llash, shuningdek yuridik kadrlar tayyorlaydigan ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish yurtimizda yuqori malakali va raqobatbardosh yuridik soha mutaxassislarini yetkazib berishga xizmat qiladi.