BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik istiqbollari

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlik istiqbollari

2019 yil 19 sentyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (BMT NJQKB) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB)ning monitoring guruhi vakillari bilan Markaziy Osiyo mintaqasida korrupsiyaga qarshi kurash tashabbuslariga fuqarolik jamiyati va xususiy sektorni jalb qilish masalalari bo'yicha uchrashuv bo'lib o'tdi.

Monitoring guruhida BMT NJQKBning fuqarolik jamiyati guruhi rahbari Mirella Dummar Fraxi, fuqarolik jamiyati dasturi guruhi xodimi Anders Frantsen, korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo'limi eksperti Konstantin Polikarski, Markaziy Osiyoda jinoiy odil sudlov dasturi xalqaro menejeri Kun Markvering, shuningdek YETTBning bosh menejeri Luiza Balbi ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida monitoring guruhiga respublikamizda korruptsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berildi. Xususan, qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonun, 2017 – 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek 2019 – 2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi to'g'risida alohida to'xtalib o'tildi.

Dummar Fraxi so'nggi yillarda O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan islohotlarga yuksak baho berib, Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning salohiyatini oshirish bo'yicha texnik hamkorlik loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlarini qayd etdi.

Uchrashuv konstruktiv muloqot ruhida bo'lib o'tdi, Markaziy Osiyo mintaqasida fuqarolik jamiyati va xususiy sektorni korrupsiyaga qarshi kurash tashabbuslariga jalb qilish bo'yicha loyiha takliflarini tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.