O'zaro hamkorlik to'g'risidagi memorandum ijrosi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi delegatsiyasining Lund universiteti (Shvetsiya)ga ishchi tashrifi bo'lib o'tdi.
Tashrifdan ko'zlangan maqsad – “Markaziy Osiyo huquqi: Markaziy Osiyo huquqiy madaniyatlari” qo'shma loyihasi bo'yicha kelgusida amalga oshirilishi mo'ljallangan tadbirlarni muhokama qilish edi.
To'rt yilga mo'ljallangan loyiha ishtirokchi davlatlarga stajirovkalar tashkil etish, uchrashuv va seminarlar o'tkazish, ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish yo'li bilan tanlangan mavzu doirasida tadqiqotlar o'tkazishni ko'zda tutadi.
Ishchi uchrashuvda Lund, Xel`sinki, Dublin, Latviya, Marmara (Turkiya), Karlov (Chexiya) universitetlari, Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti va boshqa ilmiy-o'quv muassasalari delegatsiyalari ishtirok etishdi.
Loyiha koordinatorlari ishtirokchilarga loyihaning maqsadi, vazifalari, amalga oshirish muddat va bosqichlari, shuningdek, uning yakuni bo'yicha kutilayotgan amaliy natijalar haqida ma'lumot berishdi.
Tadbirda qo'shma tadqiqotlar o'tkazish, o'zaro akademik ayirboshlash, tadqiqot natijalarini muhokama qilish bo'yicha seminarlarni tashkil etish va o'tkazish mexanizmlari ishlab chiqildi.
Loyiha kelgusi yil mart oyi boshida, grant mablag'lari kelib tushganidan so'ng rasman ishga tushiriladi.
Uchrashuv so'ngida ishtirokchilar loyihani amalga oshirish doirasida o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.