Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari ishtirokida malaka oshirish kurslari

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari ishtirokida malaka oshirish kurslari

Joriy yilning sentyabr oyida Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining surishtiruvchilari va kriminalistlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

O'quv kurslari dasturi asosida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, mazkur jarayonda fuqarolar va tadbirkorlarning xuquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, byudjet mablag'larini talon-toroj qilish, valyuta va qurilish sohasida sodir etilayotgan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish va ularning surishtiruvini amalga oshirish bo'yicha o'quv va amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

Kurs davomida kriminalistik texnika va ekspertiza, kriminalistika faoliyatida ilg'or kriminalistik va ilmiy-texnik vositalardan foydalanish, qalbaki pullar, shu jumladan chet el valyutalari, qalbaki hujjatlar va qimmatli qog'ozlarni aniqlash bo'yicha amaliy mashg'ulotlar, valyutaga oid va poraxo'rlik jinoyatlarini fosh etish bo'yicha o'tkaziladigan tezkor-qidiruv tadbirlarini imitatsiya qilish bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazildi.

Dastur doirasida Departament, Moliya va Qurilish vazirliklari, Davergeodezkadastr qo'mitasi, “O'zsanoatqurilish” banki, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi mas'ul mutaxassislari ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi, shuningdek X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi va DBQ Bojxona institutida sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkil etildi.

O'quv mashg'ulotlari interaktiv shaklda o'tkazilib, tinglovchilar o'z faoliyatlari bilan bog'liq dolzarb masala va muammolarni muhokama qilish hamda ularning yechimiga oid o'zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'lishdi.