2019 yil 4 oktyabr kuni Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlik to'g'risidagi Memorandum doirasida Bosh prokuraturaning Akademiyasi va kadrlar boshqarmasi xodimlari tomonidan universitet talabalari bilan uchrashuv o'tkazildi.
Uchrashuvda universitet xodimlari, “Bo'lajak prokurorlar klubi” a'zolari, prokuratura organlariga xizmatga qabul qilingan talabalar, shuningdek Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari ishtirok etdi.
Tadbirda talabalarga prokuratura organlarida ish o'rganishlarini tizimli amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan “Bo'lajak prokurorlar klubi” a'zoligiga qabul qilish tartibi hamda uning afzalliklari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, klub doirasida faoliyat yuritib, hozirgi kunda prokuratura organlarida xizmat qilayotgan xodimlar va Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasida tahsil olayotgan tinglovchilar talabalarga klubda a'zolikning ijobiy tomonlari, klub nazariy bilimlarning amaliyot bilan uyg'unligini ta'minlashda platforma rolini bajarib kelayotganligi hamda “Bo'lajak prokurorlar klubi” a'zosi sifatidagi faoliyatning istiqbollari haqida o'z fikrlari bilan bo'lishdilar.
O'z navbatida talabalar klub faoliyatiga qiziqish bildirib, uning faoliyatini yanada takomillashtirish bo'yicha o'z takliflarini berdilar.
Uchrashuv konstruktiv muloqot va fikrlar almashinuvi ruhida o'tdi.