Toshkent shahar, viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar xodimlari ishtirokida malaka oshirish kurslari

Toshkent shahar, viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar xodimlari ishtirokida malaka oshirish kurslari

Joriy yilning 16 sentyabr – 3 oktyabr kunlari Toshkent shahar, viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning prokuratura organlari tergov tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat va ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo'limlari prokurorlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

O'quv kurslari dasturi asosida tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jumladan, fuqarolarning bedarak yo'qolganligi holatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruvni, poraxo'rlik bilan bog'liq jinoyatlarni fosh etishda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, qotillik jinoyatlarini tergov qilish bo'yicha o'quv va amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.

Kurs davomida kriminalistik texnika va ekspertiza, tergov faoliyatida ilg'or kriminalistik hamda ilmiy-texnik vositalardan foydalanish bo'yicha mashg'ulotlar, hujjatli taftish va sud-psixiatriya ekspertizalarini o'tkazish bo'yicha amaliy mashg'ulotlar, so'roq qilish hamda hodisa joyini ko'zdan kechirish taktikalari bo'yicha imitatsiya mashg'ulotlari o'tkazildi.

O'quv mashg'ulotlari o'tkazishga Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining tajribali xodimlari hamda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi mutaxassislari jalb qilindi.

Malaka oshirish kurslari doirasida Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazida sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkil etildi.

Shuningdek, malaka oshirish davomida tinglovchilar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Odam savdosiga qarshi kurashish: oldini olish, ko'maklashish, ta'qib etish, hamkorlik” mavzusidagi treningda ishtirok etishdi.

O'quv mashg'ulotlari interaktiv shaklda o'tkazilib, tinglovchilar o'z faoliyatlari bilan bog'liq dolzarb masala va muammolarni muhokama qilish hamda ularning echimiga oid o'zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'lishdi.