AQShga tanishuv safari

AQShga tanishuv safari

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining vakillari Bosh prokuratura delegatsiyasi tarkibida joriy yilning 16 sentyabridan 4 oktyabriga qadar “AQShning sud tizimi va jinoiy odil sudlovi” mavzusida tashkillashtirilgan tanishuv safari bilan Amerika Qo'shma Shtatlariga tashrif buyurdilar.

Tanishuv safari davomida o'zbekistonlik delegatsiya vakillari AQShning qonun chiqaruvchi, ijro va sud hokimiyatlari tizimining institutsional asoslari, bir qator davlat organlari, shu jumladan Davlat departamenti, FTB, Ichki xavfsizlik Vazirligi idoralari, prokuratura, sud, politsiya, jazoni ijro etuvchi muassasalar va advokatura organlarining faoliyati bilan tanishdilar.

Mazkur idoralarda o'tkazilgan uchrashuvlar davomida amerikalik ekspertlar tomonidan jinoyatchilikka qarshi olib borilayotgan kurash, jinoyat ishlarini tergov qilish hamda sudda ko'rilishining protsessual asoslari, prokurorning jinoiy sudlov sohasidagi vakolatlari masalalari to'g'risida batafsil ma'lumot taqdim etildi.

Delegatsiya vakillari tomonidan amerikalik ekspertlarga jinoyat ishlari bo'yicha shaxsni ushlash va unga nisbatan ehtiyot chorasini qo'llash, jinoyatlarni tavsiflash, jinoyat ishlarini tergov qilish muddatlari, dalillarni to'plash, isbotlash jarayonlari, jinoyatchilik bilan kurashda jamoatchilik ishtiroki, jinoyat ishida shaxsni advokat himoyasi bilan ta'minlash, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligi, sud hujjatlarining qonuniyligini yuqori turuvchi sud instantsiyalarida ko'rish tartibi, elektron ish yuritish va shunga o'xshash qator masalalar xususida ko'plab savollar berildi.

Tanishuv safari davomida delegatsiya vakillari yurist kadrlarni tayyorlash va sudyalarni o'qitishga ixtisoslashtirilgan muqaddas Mariya Universitetining yuridik maktabi, sud`yalar milliy kolledji (NJC), sud intizomi masalalari bo'yicha Komissiya, Grant Soyer nomidagi Universitetning odil sudlov masalalarini o'rganish Markazida tashkillashtirilgan uchrashuvlarda ishtirok etib, ushbu o'quv muassasalarida amalga oshirilayotgan o'quv jarayoni hamda o'qitish metodlari bilan tanishdilar.

O'z navbatida, bo'lib o'tgan uchrashuvlar davomida o'zbekiston delegatsiyasi tomonidan O'zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida batafsil ma'lumot taqdim etilib, amerikalik ekspertlarning odil sudlovni amalga oshirishda shaxs huquqlarining himoyasi hamda odil sudlovni amalga oshirish jarayoni bilan bog'liq bir qator savollariga javob berildi.