Bolalar uchun odil sudlov masalalari buyicha xalqaro ekspert tashrifi

Bolalar uchun odil sudlov masalalari buyicha xalqaro ekspert tashrifi

Joriy yilning 2-11 oktyabr kunlarida Bolalar uchun odil sudlov masalalari bo'yicha xalqaro ekspert Ingrid van Velzenis xonim Akademiya va YUNISEF o'rtasidagi hamkorlik doirasida qo'shma tadbirlarda ishtirok etish uchun O'zbekistonga tashrif buyurdi.

Ekspertning tashrifi davomida Akademiya rahbariyati bilan loyihalarni amalga oshirish istiqbollari va joriy holatlarini muhokama qilish maqsadida rasmiy uchrashuv bo'lib o'tdi.

Shuningdek, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida voyaga yetmaganlarni odil sudlov tizimidan chiqarish loyihasi bo'yicha ekspertlar guruhi uchun seminar tashkil etildi, unda tizimdan chiqarish tadbirlari rejasini ishlab chiqish bo'yicha bilim va ko'nikmalarni oshirish, shuningdek ekspertlar guruhining ishi tahlil qilindi.

Bundan tashqari, joriy yilning 2-8 oktyabr kunlari Vazirlar Mahkamasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi Konvensiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan qarori bilan tasdiqlangan tadbirlar dasturiga muvofiq voyaga yetmaganlar ishlari bo'yicha idoralararo komissiyalarining mas'ul kotiblari uchun bir haftalik o'quv kursi tashkil etildi. Ushbu kurs doirasida 4 oktyabr kuni “BMTning Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasining O'zbekistonga berilgan yakuniy tavsiyalari” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.

Shuningdek, 7-10 oktyabr kunlari bo'lib o'tgan tadbirlar doirasida Akademiya professor-o'qituvchilari uchun “Voyaga yetmaganlarning odil sudlovi va kattalarni o'qitishning interfaol usullari” mavzusida trenerlar uchun trening tashkil etildi. Trening davomida ishtirokchilar mutaxassis tomonidan ishlab chiqilgan o'quv modullarini o'rganib, Akademiyaning o'quv kurslariga moslashtirish va qo'llash bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar.

Bundan tashqari, ekspert ishtirokida Akademiya magistratura talabalari uchun xalqaro standartlarni joriy etish va BMTning bola huquqlari bo'yicha qo'mitasining O'zbekistonga berilgan yakuniy tavsiyalarini bajarish bo'yicha seminar o'tkazildi.