AQShning Vashington universiteti mutaxassisi Bosh prokuratura Akademiyasi o'quv jarayonlariga jalb qilindi

AQShning Vashington universiteti mutaxassisi Bosh prokuratura Akademiyasi o'quv jarayonlariga jalb qilindi

Akademiya tashkil etilganidan buyon qisqa vaqt ichida AQShning  Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID)ning O'zbekistondagi sud-huquq islohotlari dasturi bilan samarali hamkorlik yo'lga qo'yilib, o'quv jarayonlariga chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo'yicha hamkorlikdagi ishlar doimiy ravishda olib borilmoqda.

Ushbu sohada erishilgan yutuqlarning davomi sifatida Vashington universiteti (AQSH) “Yuridik ingliz tili” dasturining yetakchi o'qituvchisi, ushbu sohada o'quv dasturlarini yaratish va takomillashtirishda ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan Patrisiya Maklaulin ishtirokida bir haftalik o'quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda Akademiya xodimlari ishtirok etib, ingliz tilidagi yuridik terminlarni qo'llash sohasida foydali bilim va ko'nikmalarga ega bo'ldilar. Shu bilan birga, joriy yilning 14-18 oktyabr kunlari Akademiya magistrantlari uchun “Yuridik ingliz tili” dasturi doirasida bir qator ma'ruza va seminarlar tashkil etildi.

Tadbirlar yakunida yuridik ingliz tilini o'qitish bo'yicha boshlang'ich va o'rta darajaga ega bo'lgan prokuratura xodimlarini o'qitish bo'yicha maxsus o'quv qo'llanmalarini tayyorlash va nashr etish bilan bog'liq ikkita loyihani amalga oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi tashabbus ma'qullandi.

Bundan tashqari, kelgusidagi hamkorlik doirasida ushbu loyihani masofadan turib davom ettirishga kelishib olindi.