Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari O'zbekiston Respublikasining Oliy sudi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida joriy yilning 14-18 oktyabr kunlari Istanbul shahrida (Turkiya) o'tkazilgan «Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash» xalqaro kollokviumida ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish bo'yicha agentligi (TIKA)ning Toshkent shahridagi vakolatxonasi ko'magida Turkiya Adolat akademiyasida tashkil etildi.
Kollokviumda Mongoliya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlarining mas'ul vakillari hamda terrorizmga qarshi kurash sohasidagi halqaro ekspertlar ishtirok etdilar.
Xalqaro terrorizm va uyushgan jinoyatchilik tushunchalari, davlatlarning terrorizmga qarshi kurash borasidagi eng maqbul strategiya va tajribalari, shuningdek, terrorizm va uyushgan jinoyatchilik bilan bog'liq jinoyatlarni tergov qilish hamda sudda muhokama qilish samaradorligi, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar Turkiya Adolat akademiyasida tashkil etilgan akademik faoliyat, terrorizm va uni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishtirildilar.