Andijon viloyatida BMT Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining «Hayotga qo'shil» (Line Up Live UP) dasturi bo'yicha maktab o'quvchilari o'rtasida giyohvand moddalarni iste'mol qilish, zo'ravonlik va huquqbuzarlikning oldini olish, sport orqali hayotiy ko'nikmalarni shakllantirishga qaratilgan trening mashg'ulotlari o'tkazildi.
Tadbir ochilishi marosimida Xalq ta'limi vazirligi, Bosh prokuratura Akademiyasi va BMT Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy idorasi vakillari ishtirok etishdi.
Ma'lumot uchun: «Hayotga qo'shil» tashabbusi Doxa deklaratsiyasining global amalga oshirish dasturi: huquqiy madaniyatni targ'ib qilish yuzasidan 2015 yilda Jinoyatlarning oldini olish va sudlov bo'yicha 13-Kongressida ma'qullangan. Bosh prokuratura Akademiyasi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida qo'yilgan vazifalarni bajarish maqsadida BMTning NMvaJQKB bilan birgalikda turli dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Uch kunlik treningda Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlaridagi maktablarning 30 ga yaqin psixolog, ma'naviyat ishlari bo'yicha xodimlar va jismoniy tarbiya o'qituvchilari qatnashdi.
Trening davomida ishtirokchilar nafaqat maxsus jismoniy mashq va jamoaviy o'yinlarni o'tkazish, balki maktab o'quvchilarida jamiyat hayoti qadriyatlariga hurmat, qoidalar va me'yorlarga rioya qilish, tengdoshlarga nisbatan bag'rikenglik, o'z his-tuyg'ularini nazorat qilish hamda noqonuniy xatti-harakatlar sodir etishni undovchilarga «yo'q» deyishni o'rgatish qobiliyatini o'rgandi.