Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari 23-25 oktyabr kunlari Toshkent shahrida terrorizmni moliyalashtirish bilan bog'liq jinoyatlarni fosh etish asoslari bo'yicha tashkil etilgan o'quv kurslarida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida milliy instruktorlarni tayyorlash bo'yicha YEXHT hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan va 2019-2020 yillarda o'tkazilishi rejalashtirilgan kurslarning ikkinchisi hisoblanadi.
Tadbirning maqsadi – terrorizmni moliyalashtirish bilan bog'liq jinoyatlarni tergov qilish va shu kabi jinoyatlar bo'yicha tahliliy ishlarni amalga oshirish bo'yicha bilim va ko'nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish.
O'quv kursi davomida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish jarayonini bosqichma-bosqich qismlarga ajratish bilan bog'liq amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.
Tadbir yakuni bo'yicha ishtirokchilarga sertifikatlar berildi, shuningdek, terrorizmni moliyalashtirish bilan bog'liq jinoyatlarni tergov qilish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari malakasini oshirish ishlarini davom ettirish bo'yicha rejalar bayon etildi.