Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari Xorazm viloyatida ichki ishlar va prokuratura organlari faoliyatining samaradorligi masalalarini o'rganish, shu jumladan, o'z joniga suiqasd qilish holatlarini bartaraf etish borasida amaliy yordam berishga qaratilgan navbatdagi tadbirlarni amalga oshirishdi.
Ushbu tadbirlar O'zbekiston tibbiy-ilmiy faoliyat bilan shug'ullanuvchilar “Tabobat” Akademiyasi hamda Toshkent shahar tibbiyot birlashmasi qoshidagi Psixonevrologik dispanser bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O'tkazilgan uchrashuvlar davomida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari hamda jamoat tashkilotlarini o'z joniga suiqasd (suitsid) kabi salbiy ijtimoiy holatlarning oldini olishga jalb etish hamda bu yo'nalishda ekspert-tahlil guruhlarining faoliyatini tashkillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, viloyatning har bir tumani miqyosida o'z joniga suiqasd qilishning sabablari tahlil qilindi. Uchrashuvlar davomida o'z joniga suiqasd qilishning oldini olishga qaratilgan amaliy tadbirlar mutaxassislar tomonidan profilaktika inspektorlariga tushuntirildi.