Joriy yilning 7-8 noyabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi va CASC tarmog'i ko'magida trenerlar uchun “O'zaro huquqiy yordam (O'HYO) O'HYO bo'yicha o'quv markazlarining imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida mintaqaviy trening tashkil etildi.
Tadbirning maqsadi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o'zaro huquqiy yordam ko'rsatishning o'ziga xos xususiyatlari bo'yicha o'qitishni tashkil etish borasida tajriba almashish hamda jinoyat ishlarini tergov qilishda o'zaro huquqiy yordam ko'rsatish bo'yicha Akademiya ishtirokida ishlab chiqilayotgan modulni muhokama qilishdan iborat.
Tadbirda ekspertlar Ispaniya Qirolligi Adliya vazirligining huquqiy ta'lim markazi direktori Mariya de Las Xeras Garsiya va Timishoare (Ruminiya) prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni tergov qilish hududiy boshqarmasi katta prokurori Aleks Florin ishtirok etdi.
Treningda ishtirok etgan Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston Bosh prokuraturalari xodimlari, shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, IIV Tergov departamenti, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi akademiyalari vakolatli xodimlari Ispaniya, Ruminiya, shuningdek, mintaqa mamlakatlarining o'zaro huquqiy yordamni amalga oshirish va ushbu sohada ta'limni tashkil etish bo'yicha tajribasi va amaliyotini o'rganishdi.
Shuningdek, trening davomida “Odil sudlov uchun o'qitish” (E4J) tashabbusi moduli asosida ishlab chiqilgan o'zaro huquqiy yordam ko'rsatish bo'yicha yangi o'quv kursi loyihasi ko'rib chiqildi va uni yanada takomillashtirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar taqdim etilgan o'quv modulini ishlab chiqish va uni MDH davlatlarining ixtisoslashgan ta'lim muassasalari o'quv jarayoniga joriy etishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.