Joriy yilning 8 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Ispaniya Qirolligi Adliya vazirligining huquqiy ta'lim markazi direktori Mariya de Las Xeras Garsiya bilan uchrashuv tashkil etildi.
Ma'lumot uchun: Markaz prokurorlar, shuningdek, sud kotiblari, sud shifokorlari va boshqa adliya xodimlarini tayyorlaydi va malakasini oshiradi. Bundan tashqari, Markazda sud ishini yuritish sohasida politsiya xodimlarini o'qitish dasturlari mavjud.
Uchrashuv davomida Markaz direktori Akademiyaning ta'lim faoliyati, qo'shma ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, ta'lim jarayoni va akademik almashinuv sifatini oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish sohasida xalqaro hamkorlik yo'nalishlari bilan tanishdi.
O'z navbatida, M.Garsiya ta'lim sohasida o'zaro manfaatli mavzularda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar hamkorlik to'g'risida Memorandum imzolash va hamkorlik dasturini ishlab chiqish orqali Ispaniya Qirolligi Adliya vazirligi huquqiy ta'lim markazi va Akademiya o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish imkoniyatini ko'rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.