Prokuratura organlari xodimlarini kasbiy tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga doir tadbirlar doirasida AQShlik huquq sohasidagi ekspert, sobiq prokuror Gregori Ueddl Akademiya faoliyatiga jalb etildi.
Ta'kidlash joizki, G.Ueddl prokuratura xodimlarini kasbiy tayyorlashni tashkil etish sohasida amaliy tajribaga ega bo'lib, muqaddam prokurorlarni tayyorlash bo'yicha federal muassasa – National Advocacy Center rahbari yordamchisi lavozimida faoliyat ko'rsatgan.
G.Ueddl 2017-2018 yillar davomida chetdan taklif etilgan professor sifatida “Mintaqaviy muloqot” XNT (Sloveniya)ning AQSH Davlat departamentining Giyohvandlikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish faoliyati byurosi (INL) tomonidan moliyalashtiriladigan loyihasi doirasida Akademiyaning o'quv-ilmiy salohiyatini oshirish bo'yicha tadbirlarda ishtirok etgan.
Ekspert bir necha oy mobaynida prokuror-tergov va huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etish masalalari bo'yicha o'zaro tajriba almashish, shuningdek, o'quv-metodik ishlanmalar, xususan, masofaviy o'qitish uchun materiallar tayyorlash, shuningdek, Akademiya magistratura tinglovchilari va xodimlari uchun doimiy seminarlar o'tkazish borasida amaliy yordam ko'rsatishga qaratilgan tadbirlarga jalb qilinadi.