Joriy yilning 12 noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida ekstremizmga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning roliga bag'ishlangan respublika o'quv-seminari tashkil etildi.
Videokonferentsaloqa rejimida o'tkazilgan seminarda Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar, O'zbekiston Transport va Harbiy prokuraturalari xodimlari, shuningdek Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o'qituvchilari va tinglovchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni o'tkazishga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mitasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'limi, Bosh prokuraturaning Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tarkibidagi axborot-tahlil bo'limi hamda Qurolli kuchlar va davlat xavfsizlik xizmati organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi mas'ul xodimlari ma'ruzachi sifatida jalb etildilar.
Tadbirda ishtirokchilarning asosiy e'tibori diniy mazmundagi mahsulotlarni O'zbekistonga olib kirish, tayyorlash va tarqatish, ekstremizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish choralari, internetdagi ekstremizmga oid xavf-xatarlar masalalariga qaratildi.
Seminar qizg'in bahs-munozara ruhida o'tkazilib, ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.