2019 yilning 15 noyabr kuni Qirg'iziston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud departamenti direktori K.M.Kapalov boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida tashkil etilgan o'quv seminarida Departament vakillari tomonidan Akademiya professor-o'qituvchilari uchun Qirg'iziston Respublikasida sud hujjatlarini majburiy ijro etish tizimi hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ma'lumotlar berildi.
Shuningdek, tashrif davomida mehmonlar Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining asosiy yo'nalishlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali masofaviy ta'limni joriy etgan holda tashkil etilayotgan o'quv jarayonlari, Akademiyaning infratuzilmasi, shu jumladan mul`timedia markazi, kriminalistik poligon, voqea joyini ko'zdan kechirish va sud jarayoni imitatsiyasini amalga oshirish xonalari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif yakuniga ko'ra, tomonlar o'zaro foydali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini ma'lum qildilar.