O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashabbusi bilan 2019 yil 19 noyabr kuni Qozog'iston Respublikasi ekspertlari ishtirokida videokonferensiya shaklida huquqbuzarlik profilaktikasi va huquqiy statistika sohasiga bag'ishlangan seminar o'tkazildi.
Seminarda O'zbekiston tomonidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Jinoyat-huquqiy statistika boshqarmasi rahbariyati, Akademiyaning Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi xodimlari, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.
Qozog'iston tomonidan Qozog'iston Respublikasi Bosh prokuraturasining Huquqiy statistika va maxsus hisobni yuritish qo'mitasi, Jinoiy javobgarlikka tortish xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi hamda Ichki ishlar vazirligining mutaxassislari qatnashdilar. Tadbirda kriminologik prognozlash, statistik hisobni yuritish va jinoiy huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, jinoyatlarning elektron geoxaritalarini yuritish masalalari atroflicha ko'rib chiqildi.
Qozog'istonlik ishtirokchilar mamlakatimizning jinoyat statistikasi tizimida olib borilgan islohotlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, Bosh prokuraturaning Jinoyat-huquqiy statistika boshqarmasi va Akademiyaning Jinoyatlar sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi faoliyati haqida ma'lumotga ega bo'ldilar.
O'z navbatida, qozog'istonlik mutaxassislar “Jinoiy huquqbuzarliklar xaritasi” dasturiy modulining ishlash mexanizmi hamda Sudgacha tergovlarning yagona reestrini yurgizish tartibi bilan tanishtirdilar. Profilaktika inspektorlari faoliyati bilan bevosita bog'liq bo'lgan, jinoyatlarning hisobini yuritish va ochish masalalari muhokama qilindi.
Hududlarning o'ziga xos xususiyatlarini e'tiborga olgan holda, davlat-xususiy sherikligi asosida huquqbuzarlik profilaktikasini amalga oshirish borasida tajriba almashinildi. Ozodlikdan mahrum qilish muassasalarida qamoq jazosini o'tab kelgan fuqarolarni reabilitatsiya qilishda jamoat tashkilotlarining, xususan, o'zini o'zi boshqarish organlarining (mahalla) ishtiroki Qozog'iston tomonida alohida qiziqish uyg'otdi.