Joriy yilning 19-22 noyabr kunlari Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha Idoralararo ekspert guruhi tomonidan Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda hamda BMTning Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi ko'magida xorijiy ekspertlar ishtirokida “Jinoyat-ijroiya qonunchiligi hamda penitentsiar tizimni isloh qilishda xalqaro standartlar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi xodimlari shuningdek, Bosh prokuratura Akademiyasi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etishdi.
Seminar-trening davomida penitentsiar tizimi sohasidagi xalqaro standartlar va normalarni inobatga olgan holda O'zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarni ijro etish mexanizmlarini tubdan qayta ko'rib chiqish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, xorijiy ekspertlar F.Meysner, M.Geta, N.Radkovska va I.Durneskular o'z ma'ruzalarida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi penitentsiar muassasalar faoliyatining ijobiy tajribasi, shuningdek mahkumlarni kelajakda ish bilan ta'minlash va ularni resotsializatsiya qilishga doir dasturlarning o'ziga xos xususiyatlari hamda ushbu sohadagi probatsiya xizmatining ilg'or amaliyotiga doir masalalar yoritishdi.
Ishtirokchilar tomonidan umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq mahkumlarning huquqlari doirasini yanada kengaytirish va jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligini ta'minlash jinoiy jazolarning ijrosi sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanishi ta'kidlandi.