Inson huquqlari sohasida ta'lim masalalari bo'yicha xalqaro seminar

Inson huquqlari sohasida ta'lim masalalari bo'yicha xalqaro seminar

Joriy yilning 27 noyabr kuni BMTning inson huquqlari bo'yicha umumjahon ta'lim dasturini, 2030 yilgacha bo'lgan davr kun tartibini amalga oshirish, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlari 4 “Barqaror rivojlanish, jumladan, gender tengligi va inson huquqlari manfaatlari yo'lida ta'lim” (BRM 4.7.1) doirasida “Inson huquqlari sohasida ta'lim: O'zbekiston va Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissarining boshqarmasi tajribasi” mavzusida seminar bo'lib o'tdi.

Seminar Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha hududiy bo'linmasi hamkorligida Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissarining Rossiya Federatsiyasidagi boshqarmasi ekspertlari ishtirokida tashkil etildi.

Tadbirda Sudyalar oliy kengashi, Adliya vazirligi, IIV Akademiyasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi hamda Inson huquqlari sohasida ta'lim bo'yicha BMT umumjahon dasturini amalga oshiruvchi oliy o'quv yurtlari vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari Inson huquqlari sohasida ta'lim bo'yicha BMT umumjahon dasturi, uning O'zbekiston Respublikasida amalga oshirilishi, Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo'yicha BMT Oliy komissari boshqarmasi ko'magida Rossiya oliy o'quv yurtlari konsortsiumining inson huquqlari bo'yicha universitetlararo magistrlik dasturini ishlab chiqish va joriy etish tajribasi va amaliyoti haqida ma'lumot berdilar.

Seminar davomida ta'lim dasturlarini uyg'unlashtirish va institutsionalizatsiya qilish, ta'lim va inson huquqlari umumjahon madaniyatini rivojlantirishdan manfaatdor vazirliklar, idoralar va akademik doiralar vakillari o'rtasida tarmoqlararo hamkorlik va axborot almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.