O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–5438-sonli Farmoni, Bosh prokuror buyrug'i bilan tasdiqlangan Akademiya Nizomi hamda Bosh prokuror talablaridan kelib chiqqan xolda o'qitishning amaliy xususiyati va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikni ta'minlash, shuningdek Respublikada yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida yuqori turuvchi sudlar faoliyati bilan tanishish maqsadida “Fuqarolik va ma'muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida Bosh prokuratura Akademiyasida tashkillashtirilgan malaka oshirish o'quv kursining tinglovchilari uchun joriy yilning 26 noyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudida sayyor mashg'ulot tashkillashtirildi.
Ushbu mashg'ulot davomida tinglovchilar nazorat instantsiya sudida konkret toifadagi fuqarolik va ma'muriy ishlarni nazorat tartibida ko'rish bo'yicha o'tkazilgan sud majlislarida ishtirok etdilar.
Tinglovchilar O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan ko'rilgan o'zboshimchalik bilan qurilgan binolarni majburiy tartibda buzish, ishga tiklash, fuqarolarni boshqa turar joy bermasdan majburiy tartibda ko'chirish hamda uy-joy nizolari bilan bog'liq boshqa toifadagi fuqarolik ishlarining nazorat tartibida ko'rilishida ishtirok etdilar.
Ushbu fuqarolik ishlarining ko'rilishida sud zalida hozir bo'lgan tinglovchilar yuqori turuvchi sud instantsiyasida prokurorning ishtiroki, uning har bir ko'rilgan fuqarolik ishi doirasidagi pozitsiyasi, yuqori turuvchi sud instantsiyasida ishning ko'rilishi natijalari bo'yicha prokuror fikrida aks ettiriladigan masalalar, qayd etilgan toifadagi fuqarolik ishlari bo'yicha nazorat sud instantsiyasining amaliyoti bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, sayyor mashg'ulot davomida tinglovchilarga respublikamizda faoliyat yuritayotgan fuqarolik va ma'muriy sudlarning tizimi, sud amaliyotida uchrayotgan muammolar hamda sud jarayonlarini o'tkazishda videokonferentsaloqa tizimidan foydalanish imkoniyatlari xususida tushuntirishlar berildi.
Sayyor mashg'ulot yakuni bo'yicha Akademiyaning sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash kafedrasi o'qituvchilari va tinglovchilari sud-prokuror amaliyotidagi bir qator masalalar bo'yicha fikr almashdilar.