Joriy yil 27 oktyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Ichki ishlari vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashning oldini olish” mavzusida onlayn seminar bo'lib o'tdi.
O'quv seminarida Bosh prokuratura, hududiy prokuraturalar, Ichki ishlar vazirligi va hududiy ichki ishlar organlarining mas'ul xodimlari, Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o'qituvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda qiynoqqa solganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishiga oid qonunchilikka kiritilgan o'zgartirishlar, qiynoqning oldini olish borasida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va bu boradagi vazifalar, jinoyat protsessida shaxs huquqlarini ta'minlashning tashkiliy va amaliy choralari kabi masalalar ko'rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Bunday tadbirlarni davomli o'tkazilishi xodimlarning bilimi va kasbiy malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.