ARIN-WCA tarmog'i Boshqaruv guruhi a'zolarining uchrashuvi

ARIN-WCA tarmog'i Boshqaruv guruhi a'zolarining uchrashuvi

2020 yilning 23-24 yanvar` kunlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'i (ARIN-WCA) Boshqaruv guruhining 2020 yil uchun rejalashtirilgan birinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda ARIN-WCA Boshqaruv guruhining a'zolari – Qozog'iston, Qirg'iziston, Pokiston, Turkmaniston va O'zbekiston vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar va ekspertlar ARIN-WCAni samarali boshqarish va uning faoliyatini yanada rivojlantirish, tarmoq boshqaruvini nazorat qilish, aktivlarni qaytarish sohasida hamkorlikni kengaytirish, uning strategik rivojlanishi, tarmoqqa a'zo bo'lish va unda ishtirok etishning mexanizmlarini takomillashtirish, aloqa vakillarining salohiyatini oshirish uchun o'quv kurslarini tashkil etish, tarmoqning yillik umumiy yig'ilishini o'tkazish va shu kabi boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilishdi.

ARIN-WCA Kotibiyati sifatida Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari Boshqaruv guruhi a'zolarini tarmoqni boshqarish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi muhim rejalar to'g'risida xabardor qilishdi.

Boshqaruv guruhining uchrashuvi ishchan va konstruktiv ruhda o'tkazilib, uning yakunlariga ko'ra ishtirokchilar ARIN-WCA doirasida faol hamkorlik qilishga hamda mazkur tarmoqni yanada rivojlantirishga kelishib olishdi.