Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursiga qabul bo'yicha tanlov bo'lib o'tmoqda

Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursiga qabul bo'yicha tanlov bo'lib o'tmoqda

Akademiyada prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabulning uchinchi, yakuniy bosqichi boshlandi. Imtihon yakka tarzdagi suhbat ko'rinishida, videokonferentsaloqa imkoniyatlarini qo'llagan tarzda tashkil etildi.

Imtihon Bosh prokuror buyrug'iga asosan tashkil etilgan, Bosh prokuror o'rinbosari E.T.Yuldashev raisligida Akademiya hamda Bosh prokuraturaning tegishli tarmoqlari rahbariyatidan iborat  maxsus komissiya tomonidan o'tkazilmoqda.

Mazkur kursga qabulni uch bosqichli tanlov asosida o'tkazish tartibi Bosh prokuror buyrug'i bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq 2019 yilda joriy qilingan bo'lib, masofaviy ta'lim hamda har bir bosqich yakuniga ko'ra oraliq nazoratni o'z ichiga olgan.

Yakuniy bosqichga dastlab tanlangan 200 nafardan ziyod nomzod orasidan oldingi bosqichlarni muvaffaqiyatli yakunlagan 50 nafar nomzod o'tdi.

Nomzodlar tomonidan imtihon biletlarini tanlash Akademiya magistraturasiga qabul jarayonlari davomida ijobiy natija ko'rsatgan, Akademiya tomonidan TATU bilan hamkorlikda yaratilgan platforma asosida o'tkaziladigan avtomatik elektron generatsiya orqali  amalga oshirildi.

Shaffof va ob'ektiv tarzda o'tkazilgan tanlov prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda ko'nikmalarni chuqurlashtirishga, shuningdek, ishni tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini hamda boshqaruv asoslarini o'zlashtirishga yo'naltirilgan prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.

Mazkur imtihon yakunlangandan so'ng nomzodlar o'z ish faoliyatidan kelib chiqib tayyorlagan taqdimotlarini (tahliliy ish, normativ-huquqiy hujjat loyihasi, amaliy qo'llanma) himoya qiladilar.