Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan respublika prokuratura organlarining sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishida xizmat qilayotgan tezkor xodimlari uchun tashkil etilgan maxsus masofaviy malaka oshirish o'quv kursining dastlabki guruhi uchun o'quv jarayoni yakunlandi.
Davomiyligi 144 soat bo'lgan mazkur masofaviy kurs o'quv mashg'ulotlari joriy yilning 2 martidan 6 iyun kuniga qadar ta'limning “4+0” tizimi asosida masofaviy tarzda o'tkazilib, tinglovchilar uchun asosiy ish joyidan ajralmagan holda o'z ustida ishlash, bilim va saviyalarini yanada oshirish imkoniyatini berdi.
O'quv kursi davomida xodimlar tomonidan prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek fuqarolik, jinoyat ishlari bo'yicha sudlarda, iqtisodiy va ma'muriy sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash yo'nalishlaridagi nazariy bilim va ko'nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan mavzular, tegishli manbalar o'zlashtirib borilib, testlar, muammoli vaziyatlar va kazuslar yechimida ishtirok etildi.
Masofaviy malaka oshirish kursining yakunida online tarzidagi imtihon o'tkazilib, unda xodimlarning O'zbekiston Respublikasining fuqarolik va fuqarolik protsessual, jinoyat va jinoyat-protsessual, iqtisodiy protsessual, ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodekslari hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi normalarini to'g'ri qo'llash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, amaldagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar hamda ularni amaliyotda qo'llash masalalari bo'yicha bilimlari sinovdan o'tkazildi.
Imtihon yakunlari bo'yicha xodimlarga belgilangan tartibdagi sertifikatlar topshirildi.