O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul e'lon qilinadi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul e'lon qilinadi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan 
takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–5438-son Farmoni bilan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining asosiy vazifalaridan biri sifatida 
o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlarni tayyorlash belgilangan.

Shunga ko'ra, Bosh prokuratura Akademiyasi 2020/2021 o'quv yili uchun magistraturaga qabul e'lon qiladi hamda hujjatlar 10 iyundan 10 avgustga qadar onlayn tarzda Akademiyaning rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinishini ma'lum qiladi.

Magistraturaga tanlov “yurisprudentsiya” ta'lim yo'nalishi bo'yicha tayanch oliy yuridik ma'lumotga ega bo'lgan fuqarolar (sh.j. prokuratura organlari xodimlari) orasida o'tkaziladi. Shuningdek, boshqa ta'lim yo'nalishlari bo'yicha oliy ma'lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega bo'lgan prokuratura organlari xodimlari tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Akademiya magistraturasining “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korruptsiyaga qarshi kurashish” yo'nalishlari bo'yicha 2020/2021 o'quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta to'lov-kontrakt asosida qabul kvotalari tasdiqlangan.

Shundan prokuratura organlari xodimlari uchun 15 ta qabul kvotasi shakllantirilgan (har bir mutaxassislik bo'yicha 5 tadan) bo'lsa, ochiq tanlov bo'yicha jami – 15 ta, shu jumladan davlat granti asosida 3 ta (har bir yo'nalishda 1 tadan) va to'lov-kontrakt asosida 12 ta kvota 
ajratilgan.

Magistraturaga o'qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarining egallab turgan lavozimi va o'rtacha oylik ish haqi o'qish davri mobaynida saqlab qolinadi.

Ochiq tanlov bo'yicha davlat granti asosida qabul qilingan tinglovchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda har oylik stipendiya to'lanadi.

Kirish imtihonlari mutaxassislik fanlari va chet tili bo'yicha yozma imtihon hamda suhbat shaklida avgust oyida o'tkaziladi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va o'qitishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi nizom bilan quyidagi havola orqali 
tanishishingiz mumkin: http://lex.uz/docs/4494360.

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga kirish imtihonlari bilan bog'liq yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz), ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari – www.facebook.com/ProsecutorAcademy, www.instagram.com/proacademyuz/, www.twitter.com/ProAcademyUz hamda boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tanishib borishingiz mumkin.

Shuningdek, magistraturaga kirish bilan bog'liq ma'lumotlarni 71-202-04-96 (ichki: 1775) telefon raqami orqali ham olishingiz mumkin.