Bosh prokuratura Akademiyasi hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari, xalqaro va milliy darajadagi ekspertlar o'rtasida “Farg'ona vodiysida yoshlar ijtimoiy uyg'unlik uchun” loyihasi doirasidagi “Farg'ona vodiysida jinoyat va xavfsizlik boshqaruvi” mavzusida tadqiqot o'tkazish masalasini muhokama qilish maqsadida videokonferensaloqa vositasida uchrashuv o'tkazildi.
Uchrashuv doirasida Tilburg universitetining viktimologiya bo'yicha professori Yan Van Dayk mazkur turdagi tadqiqotni o'tkazish tajribasi haqida ma'lumot berdi hamda mahalliy ekspertlarga o'z tavsiyalarini berdi.
Xususan, videokonferensiya ishtirokchilari tadqiqotni o'tkazish metodlari, muddatlari va natijalari haqida o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Uchrashuv davomida viktimizatsiya o'tkazish bo'yicha Bosh prokuratura Akademiyasida yig'ilgan ekspertlar guruhiga tegishli trening mashg'ulotlarini o'tkazish uchun BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining bosh ofisidan ekspertlar jalb qilish bo'yicha kelishuvga erishildi.