Aktivlarni deklaratsiyalash – korruptsiyaning oldini olishning muhim omili

Aktivlarni deklaratsiyalash – korruptsiyaning oldini olishning muhim omili

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF–6013-sonli Farmoni ijrosi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan xalqaro hamkorlar ko'magida “O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni takomillashtirish” mavzusidagi turkum tadbirlar o'tkazib kelinmoqda. 

2020 yil 15 iyul kuni navbatdagi tadbir – “Davlat xizmatchilari aktivlarini deklaratsiyalashning zamonaviy mexanizmlari” mavzusidagi xalqaro onlayn veb-konferentsiya o'tkazildi. Tadbirda Bosh prokuratura rahbariyati va xodimlari, BMT Taraqqiyot Dasturi, BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, IHTT, Jahon banki, Yevropa Kengashi vakillari, Armaniston, Gruziya, Ukraina, Koreya Respublikasi, Ruminiya, Ukraina davlatlaridan xorijiy ekspertlar, shuningdek milliy ekspertlar ishtirok etdilar.

Konferentsiya doirasida davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to'qnashuvini deklaratsiya qilish tizimini joriy etishning kontseptual asoslari, sohaga oid ijobiy va muvaffaqiyatsiz xorijiy tajribalar, deklaratsiyalashning zamonaviy mexanizmlari va tizimni joriy etish bosqichlari, vakolatli organlar kompetentligi, tegishli ma'lumotlarni taqdim etmaganlik uchun javobgarlik choralari kabi muhim masalalar muhokama etildi.

Tabirda so'zga chiqqan Ruminiya Milliy halollik agentligi bosh kotibi Silviu Popa, BMTRD Korrupsiyaga qarshi kurashish global loyihasining vakili Jungox Son, Armaniston Korrupsiyani oldini olish komissiyasi direktori Xaykuxi Xarutyunyan, Ukraina Korrupsiyaga qarshi agentligi direktori o'rinbosari Ivan Presnyakov davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulklarini deklaratsiya qilish bilan bog'liq muammolar va ularning yechimlari borasida fikr almashib, O'zbekistonda ushbu sohada eng ilg'or xorijiy amaliyotni tatbiq etishda ekspertlar ko'magi va amaliy yordam ko'rsatishga, shuningdek mazkur sohada xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va tahliliy faoliyat natijalari, xususan korrupsiyaga qarshi kurashish va aktivlarni deklaratsiyalash bo'yicha ma'lumotlar ishtirokchilar orasida alohida qiziqish uyg'otdi. Soha mutaxassislari korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, korrupsiyaga qarshi ilg'or xorijiy tajribani joriy etish, korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash borasida nazariy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish, xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda maxsus o'quv dasturlarini joriy etish muhimligini ta'kidlab, kelgusidagi rejalar borasida kelishib oldilar.