Nelson Mandela Xalqaro kunini nishonlash arafasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning 17 iyul kuni “O'zbekiston Respublikasida jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish istiqbollari” mavzusida onlayn davra suhbati o'tkazildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazi, Ombdusman, JIEM, Probatsiya xizmati rahbariyati va vakillari, shuningdek boshqa vazirlik va idoralar, ilmiy va ta'lim muassasalarining vakillari hamda jinoyat-ijroiya qonunchiligi sohasidagi Latviya, Qozig'iston va Qirg'izistondan xorijiy ekspertlar ishtirok etdilar.
Tadbirni kirish so'zi bilan ochgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining hududiy vakili Ashita Mittal hamda AQSH elchixonasi ishlari bo'yicha vaqtinchalik ishonchli vakil Alan Mel`tserlar tomonidan O'zbekistonda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi izchillik, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati ta'kidlab o'tildi.
Davra suhbati davomida BMTning Mahkumlar bilan munosabatda bo'lishning minimal standartlari – “Nelson Mandela qoidalari”ni tatbiq qilish, jazoni ijro etish tizimini isloh qilish hamda qonunchilikni xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribalarni inobatga olgan rivojlantirish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek probatsiya xizmatining mahkumlarning ijtimoiy moslashuviga ko'maklashishga doir faoliyat samaradorligini oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
Shuningdek, ishtirokchilar mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarining himoyasini ta'minlash va COVID-19 pandemiyasi davrida mahkumlar bilan munosabatda bo'lish kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Shu bilan birga, tadbir davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi ekspertlari tomonidan BMTning Mahkumlar bilan munosabatda bo'lishning minimal standartlari – Nelson Mandela qoidalariga bag'ishlangan onlayn o'quv kursining taqdimoti bo'lib o'tdi hamda ushbu o'quv kursi kelgusida tinglovchilarni onlayn o'qitish uchun Akademiya axborot-ta'lim portalida joylashtirilishi ta'kidlandi.