«O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni takomillashtirish» mavzusida turkum tadbirlar o'tkazilmoqda

«O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni takomillashtirish» mavzusida turkum tadbirlar o'tkazilmoqda

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PF–6013-sonli Farmoni ijrosi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan xalqaro hamkorlar ko'magida «O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni takomillashtirish» mavzusidagi turkum tadbirlar o'tkazilmoqda.

2020 yil 21 iyul kuni “Korrupsiyaga karshi kurashishda huquqni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirish” mavzusidagi onlayn xalqaro veb-konferensiya o'tkazildi. Tadbirda Bosh prokuratura rahbariyati va xodimlari, IHTT, Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va hamkorlik qilish boshqarmasi, BMT NJQB, Aktivlarni qaytarish bo'yicha xalqaro markazi (ICAR), “Mintaqaviy muloqot” XNNT, Moldova, Ruminiya, Sloveniya, Ukrainalik ekspertlar hamda 20 dan ortiq xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy va ta'lim muassasa va idoralarining vakillari ishtirok etdilar.

Konferensiya doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish, vakolatli organlar maqsad va vazifalarini takomillashtirish, korrupsiyaviy qilmishlarni kriminallashtirish, korruptsiyaviy jinoyatlarni aniqlashda yangi usul va vositalarni qo'llash, yetkazilgan zararni to'la qoplash, korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, jinoiy yo'llar bilan topilgan mablag' va aktivlarni musodara etish borasidagi xorijiy davlatlar yondashuvi va boshqa masalalar muhokama etildi.

Tabirda so'zga chiqqan Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va hamkorlik qilish boshqarmasi boshlig'i – Mustafa Ferati, Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish va xamkorlik qilish bo'limi boshlig'i – Yelena Jolik, Ruminiya Milliy korrupsiyaga qarshi direktoratining (DNA) Prokuror xizmati maslahatchisi – Anka Yurma, “Mintaqaviy muloqot” XNNT huquqiy maslahatchisi, Sloveniya Korruptsiyaga qarshi kurashish komissiyasi sobiq raxbari – Goran Klimenchich, Moldova Respublikasi Hukumatining Jinoiy daromadlarni legallashtirishning oldini olish va kurashish Ofisi boshlig'i – Oksana Giska va boshqalar korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi xalqaro normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, jinoiy yo'llar bilan topilgan mablag' va aktivlarni musodara etish bilan bog'liq muammolar va ularning yechimlari bilan fikr almashib, O'zbekistonda ushbu sohada eng ilg'or xorijiy amaliyotni tatbiq etish borasida amaliy yordam ko'rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.