Og'ir judolik

Og'ir judolik

3-darajali Davlat adliya maslahatchisi,  yuridik fanlar nomzodi, uzoq yillar davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi prokurori, Bosh prokuror o'rinbosari, Bosh prokuratura Oliy o'quv kurslari  boshlig'i lavozimlarida faoliyat yuritgan Xakimbay Ashirovich Xalimov hayotdan ko'z yumdi. U ko'p sonli huquqshunos-olimlar, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun ustoz sifatida tanilgan edi.  

Xakimbay Ashirovich o'zining hayotini qonun va adolat yo'lida xalqimizga xizmat qilishga baxshida etdi. U prokuratura organlari tizimida turli lavozimlarda yuksak kasbiy mahorat, adolatlilik, qat'iyat va shu bilan bilan insoniylik fazilatlari bilan e'tirof qozondi.  

So'nggi yillarda Xakimbay Ashirovich Qoraqalpog'iston Respublikasi prokuraturasi bo'lim boshlig'i lavozimida xizmatni o'tab, o'zining ko'p yillik tajribasini qonun ustuvorligini va inson huquqlarini ta'minlash, tom ma'nodagi xalq prokuraturasini yaratish yo'lida qo'llab keldi.

Xakimbay Ashirovich yuridik fan va huquqni qo'llash amaliyoti rivojiga salmoqli hissa qo'shdi. U O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishida bevosita ishtirok etdi, qator ijtimoiy ob'ektlar, shu jumladan Qoraqalpog'istondagi Mehribonlik uyi qurilishining tashabbuskori bo'ldi. 

Kasbiy faoliyatida Xakimbay Ashirovich prokuratura organlari shaxsiy tarkibining kasbiy mahoratini yuksaltirish, madaniy o'sishi va doimiy tarzda o'zining ustida ishlashiga alohida e'tibor qaratib, bu borada shaxsiy ibrat ko'rsatib keldi.

Fidokorona mehnati uchun Xakimbay Ashirovich Xalimov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlariga asosan «Mehnat shuhrati», II darajali «Shon-sharaf» ordeni bilan, shuningdek Bosh prokuror buyrug'lariga asosan «O'zbekiston Respublikasi prokuraturasi faxriy xodimi» hamda «A'lo xizmatlari uchun» ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan.

O'z kasbiy va insoniy fazilatlari uchun hamkasblari orasida hurmat va e'tirof qozongan.

66 yoshida og'ir xastalik tufayli hayotdan ko'z yumgan Xakimbay Ashirovich Xalimovning yorqin xotirasi halol, vijdonli va mas'uliyatli xodim, oliyjanob va kamtarin inson, tajribali ustoz hamda adolatli rahbar sifatida hamkasblar yuragida umrbod muhrlanib qoladi.

Bosh prokuratura Akademiyasi jamoasi Xakimbay Ashirovich Xalimovning oila a'zolariga va yaqinlariga chuqur ta'ziya va hamdardlik bildiradi.