Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga qabul davom etmoqda

Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga qabul davom etmoqda

2020/2021 o'quv yili uchun Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga hujjatlarni qabul qilish davom etmoqda (hujjatlarni onlayn topshirish uchun havola: https://new.proacademy.uz/uz-lat/login). Hujjatlarni topshirishning oxirgi kuni 10 avgust hisoblanadi.
Akademiya tomonidan maxsus ishlab chiqilgan platformada quyidagi hujjatlarni elektron shaklda onlayn topshirish ko'zda tutilgan:
so'rovnoma;
tarjimai hol;
pasport 
yoki uning o'rnini bosuvchi hujjat nusxasi;
3,5 x 4,5 sm o'lchamli fotosurat;
oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom (davlat granti asosida ta'lim olgan O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari uchun – diplomdan ko'chirma);
chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilishini tasdiqlovchi davlat namunasidagi malaka sertifikatining yoki xalqaro sertifikatlar nusxasi (mavjud bo'lganda); mehnat faoliyati haqida ma'lumot (ish staji mavjud bo'lganda).
Prokuratura organlari xodimlari hisoblangan ichki nomzodlar yuqoridagilardan tashqari bevosita rahbari tomonidan yozilgan tavsiyanoma va attestatsiya komissiyasining magistratura kirish imtihonlarida ishtirok etishga tavsiya etish to'g'risidagi qaroridan ko'chirmani ham taqdim etadilar.
Nomzodlar uchun qulaylik yaratish va hujjatlarni topshirish jarayonini osonlashtirish maqsadida Akademiya tomonidan hujjatlarni onlayn tarzda taqdim etishni bosqichma-bosqich tushuntiradigan videoqo'llanma tayyorlandi (https://www.youtube.com/watch?v=pUOgmTqtJPE).

Avval xabar qilganimizdek, kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan iborat. Yozma imtihon xuquqiy mavzularda esse va chet tili bo'yicha savollardan iborat.
Imtihonlarni o'tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida:
– chet tili bo'yicha test savollari Davlat test markazi tomonidan tuzilib, markaz tomonidan imtihon o'tkaziladi va javoblari baholanadi;
– yozma imtihonga, imtihon javoblarini tekshirishga va suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb qilinadi;
– imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinadi;
– imtihonni olish, uning javoblarini tekshirish va suhbat jarayoni to'liq videotasvirga olinadi;
– har bir nomzodga identifikatsion raqam beriladi va imtihon javoblari to'liq shifrlanadi.
Esse mavzulari jinoyat huquqi, jinoyat-protsessual huquqi, fuqarolik huquqi va fuqarolik-protsessual huquqi kabi fanlardan tuzilgan.
Essening har bir bileti 4 ta savolni o'z ichiga olib, nomzodga taklif etilgan savollar orasidan o'ziga eng yaqin bo'lgan mavzuni tanlash imkoniyati beriladi, bu esa ularning qobiliyati va bilimlarini yanada yuqori darajada ochib berishga yordam beradi. 
Esse yozish uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Natijalar 100 ballik tizimda baholanadi.
Chet tili bo'yicha yozma imtihon 2 ta bo'lim va 40 ta savoldan iborat:
– 1-bo'lim: O'qish (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1,5 ball beriladi;
– 2-bo'lim: Leksik va grammatik kompetentsiyalar (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1 ball beriladi.
Test topshirig'ini bajarish uchun 1 soat va 20 daqiqa, javoblar varaqasini to'ldirish uchun – 10 daqiqa, jami 1 soat va 30 daqiqa vaqt ajratiladi.
Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning quyidagi darajalariga ega bo'lgan nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi:
ingliz tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5.5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
nemis tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
frantsuz tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Diplome d'Etudes en Langue Francaise (DELF), Test de Connaissance du Francais (TCF) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
boshqa tillar uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.
Esse natijalariga ko'ra 55 va undan yuqori ball to'plagan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladi.
Suhbat savollari mutaxassislik fanlaridan tuzilgan bo'lib, har bir bilet 10 ta savolni o'z ichiga oladi, shu bilan birga, nomzodga 3 ta savolga javob berish imkoniyati beriladi. Suhbat natijalari 100 ballik tizimda baholanadi.
Kirish imtihonlari bilan bog'liq barcha savollar, shu jumladan yozma imtihon (esse mavzulari) va mutaxassislik fanlari bo'yicha suhbat savollari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy saytida e'lon qilingan.
Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlar Akademiya magistraturasiga qabul qilinadi.
Kirish imtihonlari sanasi va joyi Akademiyaning Qabul komissiyasi tomonidan qo'shimcha ravishda e'lon qilinadi.
Kirish imtihonlari haqida qo'shimcha ma'lumot olishni istagan nomzodlar uchun har kuni onlayn konsul`tatsiyalar o'tkazilmoqda.
Shuningdek, nomzodlar Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil topganidan buyon bo'lgan faoliyati, ta'lim sohasida va ilmiy-tadqiqot faoliyatidagi yutuqlari, xalqaro hamkorlik va istiqbolli sohalarni rivojlantirish rejalari haqida batafsil ma'lumot olish imkoniyatiga ega (https://www.youtube.com/watch?v=m2dKCw30lo4).

Akademiyaning joriy birinchi o'quv yili magistrantlari tomonidan Akademiyaning magistraturasida ta'lim olish tajribalari haqida batafsil ma'lumot berilgan videomaterial (https://www.youtube.com/watch?v=jsMcq2jJCvQ) tayyorlandi.

Ushbu videorolik nomzodlarga Akademiyaning magistraturasida o'quv jarayonini tashkil etishning o'ziga xos xususiyatlari bilan tanishishga va o'qishga kirish uchun oliy ta'lim muassasasini to'g'ri tanlashda yordam beradi.
Bosh prokuratura Akademiyasining jamoasi nomzodlarga kirish imtihonlari davomida zarur sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan barcha choralarni ko'radi va ularga omad tilab qoladi.
Qo'shimcha ma'lumotlarni (71) 202-04-96 (1775) raqamiga qo'ng'iroq qilib, magistratura@proacademy.uz elektron pochtasi manziliga xabar yuborish yoki Akademiyaning t.me/ProsecutorAcademy telegram kanaliga obuna bo'lish orqali olishingiz mumkin.