2020 yil 29 sentyabr kuni videokonferentsaloqa rejimida Bosh prokuratura Akademiyasi va Moliyaviy monitoring xalqaro o'quv-metodik markazi (Rossiya Federatsiyasi) o'rtasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida kadrlarni tayyorlash bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi Kelishuvni imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Moliyaviy monitoring xalqaro o'quv-metodik markazi (Markaz) faoliyatining maqsadi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish
masalalarida Rossiya Federatsiyasining xalqaro tashkilotlarda ishtirokini ta'minlash, o'quv-metodik tadbirlar tashkil etish va o'tkazish, shu jumladan qo'shimcha professional ta'lim dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini, baholash va ekspertizani tashkil etish va o'tkazish, institutsional va kadrlar potentsialini rivojlantirish maqsadida bilim va tajribalarni yetkazish orqali texnik ko'mak berishdan iborat.
Kelishuv tajriba almashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida ilg'or va muvaffaqiyatli tajribalarni o'rganish, umumlashtirish va tarqatish, shu jumladan ta'lim dasturlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o'tkazishni nazarda tutadi.
Kelishuvni imzolash doirasida Bosh prokuratura Akademiyasining ta'lim jarayonida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yagona tizimini tashkil etish bo'yicha Markazning tajribasidan faol foydalanish bo'yicha kelishib olindi.
Tomonlar imzolangan hujjat o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yaxshilashga xizmat qilishini ta'kidlab, uni samarali amalga oshirish bo'yicha tadbirlarni belgilab olishdi.