2020 yil 18 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi tomonidan tashkil qilingan “Kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohalarida hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari” mavzusidagi onlayn davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasining Moskva va Sankt-Peterburg akademiyalari hamda ularning hududiy filiallari vakillari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi Akademiyasi xodimlari va magistrantlari ishtirok etdi.
Tadbir prokuratura-tergov sohasi kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek ta'lim muassasalarining o'zaro manfaatli yo'nalishlarda ikki tomonlama hamkorligini yanada kengaytirish borasida fikr almashish uchun qulay imkoniyat bo'lib xizmat qildi.
Ishtirokchilar zamonaviy tahdidlar va xavf-xatarlarni inobatga olgan holda yuksak talablarga javob beradigan prokuror-tergov kadrlari tayyorlashga yo'naltirilgan ilm-fan, ta'lim, tahlil va amaliyot integratsiyalashuvining asosiy jihatlarini ko'rib chiqishdi.
Shuningdek, akademik mobillikni hamda ilmiy-tadqiqot sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta'lim jarayoniga kompetentsiyaviy va fanlararo yondashuvlar hamda
andragogik printsiplarni joriy etish, elektron (masofaviy) ta'limni kengaytirish va sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir konstruktiv muhokamalar va savol-javoblar tarzida bo'lib o'tdi.
Tadbir yakunida hamkorlikda davra suhbati materiallari to'plaimni chop etish borasida kelishib olindi, shuningdek kelgusida Bosh prokuratura Akademiyasi hamda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi Moskva akademiyasi bilan o'zaro hamkorlik to'g'risidagi Bitim doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga doir aniq choralar belgilab olindi.
Shu bilan birga, turkum tadbirlar doirasida 2020 yil 17 noyabr` kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi hamda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Akademiya vakillari ishtirokida “Korruptsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish borasida tajriba almashish, ularning sodir etilishi sabablarini aniqlash va bartaraf qilish metodlari” mavzusida onlayn rejimidagi xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi.