Bosh prokuratura Akademiyasi G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyati vazifasini amalga oshirishi doirasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda 2020 yilning 16-18 noyabr kunlari mazkur tarmoq a'zo davlatlari vakillari uchun “Xatlangan va musodara qilingan aktivlarni boshqarish” mavzusida o'quv treningi tashkillashtirdi.
Mazkur trening onlayn shaklda, tarmoqqa a'zo hamda kuzatuvchi bo'lgan – Afg'oniston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Eron davlatlarining aktivlarni (mulklarni) qaytarish va boshqarishga mas'ul bo'lgan vakolatli davlat organlarining 30 dan ortiq vakillari ishtirokida o'tkazildi.
Buyuk Britaniya, Belgiya va Gernsi davlatlaridan bo'lgan xorijiy ekspertlar trening ishtirokchilari bilan muzlatilgan, xatlangan va musodara qilingan aktivlarni boshqarish borasidagi o'zlarining ijobiy tajribasi va ilg'or amaliyoti bilan bo'lishishdi.
Virtual guruhlarga bo'lingan holda uch kun davomida hamkorlikda vazifalarni bajarish trening ishtirokchilariga aktivlarni boshqarish sohasidagi qonunchilik va uni amaliyotda qo'llash bo'yicha tajriba almashish, ushbu ohadagi yondashuvlar va tendentsiyalar bilan tanishishlari uchun imkoniyat yaratdi.