ARIN-WCA tarmog'i Boshqaruv guruhi a'zolarining navbatdagi yig'ilishi o'tkazildi

ARIN-WCA tarmog'i Boshqaruv guruhi a'zolarining navbatdagi yig'ilishi o'tkazildi

Bosh prokuratura Akademiyasi G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyati vazifasini amalga oshirishi doirasida mazkur 
tarmoq Boshqaruv guruhi a'zolarining navbatdagi yig'ilishini tashkillashtirdi.

Yig'ilish videokonferentsaloqa vositasida o'tkazilib, unda Boshqaruv guruhi a'zolari (Qozog'iston, Qirg'iziston, Pokiston va O'zbekiston), BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi (UNODC) vakili Danilo Kampisi hamda xalqaro ekspertlar Djill Tomas va Frederik Raffrey ishtirok etishdi.

Mazkur yig'ilishda joriy yilning noyabr` oyida o'tkazilishi rejalashtirilgan tarmoqning yillik umumiy yig'ilishi kun tartibi loyihasi, shuningdek uni o'tkazish bilan bog'liq muhim tashkiliy masalalar ishtirokchilar va ekspertlar tomonidan muhokama qilinib, zaruriy chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, ARIN-WCA Kotibiyati sifatida Bosh prokuratura Akademiyasi Boshqaruv guruhi a'zolarini tarmoq faoliyatini boshqarish doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar to'g'risida xabardor qildi.

Xususan, Kotibiyat tomonidan bugungi kunda UNODC bilan hamkorlikda tarmoq vebsaytini takomillashtirish ishlari olib borilayotganligi, xalqaro ekspertlar ishtirokida “Aktivlarni boshqarish” va “Aktivlarning benefitsiar egalarini aniqlash” mavzularida o'quv modullari ishlab chiqilayotganligi, ushbu mavzular doirasida ARIN-WCAga a'zo davlatlar vakolatli organlar xodimlari uchun onlayn treninglar o'tkazilishi, aktivlarni qaytarish sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida qator xorijiy davlatlar va boshqa ARIN tarmoqlariga tegishli so'rovnomalar yuborilganligi, Yevropa va Osiyo davlatlari vakolatli organlari vakillarining tarmoqning yillik umumiy yig'ilishida ishtirok etishi yuzasidan muzokaralar olib borilayotganligi ma'lum qilindi.

Yig'ilish yakunlariga ko'ra Boshqaruv guruhi a'zolari tomonidan ARIN-WCA faoliyatini takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilishi kerak bo'lgan muhim vazifa va tadbirlar belgilab olindi.