ARIN-WCA tarmog'ining 2020 yil yakuni bo'yicha yillik umumiy yig'ilishi

ARIN-WCA tarmog'ining 2020 yil yakuni bo'yicha yillik umumiy yig'ilishi

G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'i (ARIN-WCA) a'zo davlatlarining 2020 yil yakuniga bag'ishlangan yillik umumiy yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Mazkur yig'ilish videokonferentsaloqa shaklida, Qirg'iz Respublikasi Bosh prokuraturasi raisligida o'tkazilib, unda ARIN-WCAga a'zo davlatlar, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi xodimlari, CARIN va ARINSA tarmoqlari kotibiyatlari, Buyuk Britaniya, Gruziya, Latviya va Ozarbayjonning huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.

ARIN-WCA tarmog'ining doimiy Kotibiyati sifatida Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari yig'ilish ishtirokchilarini 2021 yilda tarmoqda raislikni amalga oshirish, Boshqaruv guruhi tarkibini yangilash va mazkur tarmoqda kuzatuvchi maqomini belgilash kabi masalalar yuzasidan qabul qilingan Boshqaruv guruhining tegishli qarori hamda 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xabardor qildi.

Tadbir davomida ARIN-WCA a'zolari aktivlarni qaytarish bo'yicha ijobiy tajribasi va amaliyoti, statistik ko'rsatkichlari, qonunchilikdagi yangiliklar, amaliyotdagi mavjud muammolar yuzasidan o'z davlatlarining taqdimotlarini amalga oshirdi.

CARIN va ARINSA tarmoqlari kotibiyatlari vakillari uchrashuv ishtirokchilari bilan COVID-19 pandemiyasi davrida aktivlarni qaytarish bilan bog'liq misollar, ushbu sohada boshqa davlatlarga amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha amalga oshirilgan tashabbuslar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar salohiyatini oshirish uchun o'tkazilgan va rejalashtirilayotgan onlayn treninglar to'g'risidagi ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdi.

Tarmoqqa a'zo davlatlarning iltimosnomasiga ko'ra, ARIN-WCA Kotibiyati tomonidan taklif qilingan Buyuk Britaniya moliyaviy razvedkasi bo'linmasi vakili Qo'shma qirollikdagi vakolatli strukturaviy tuzilmalar, aktivlarni ta'qib qilish, band solish, xatlash va musodara qilish jarayoni to'g'risida tayyorlangan batafsil taqdimotini namoyish qildi.

Shuningdek, yig'ilish davomida tarmoq a'zolari ARIN-WCAni kelgusida samarali boshqarish va uning faoliyatini rivojlantirish maqsadida 2021 yilda amalga oshirilishi lozim bo'lgan muhim vazifa va rejalarni belgilab olishdi.

Yillik umumiy yig'ilish ishchan ruhda o'tkazilib, ishtirokchilar kelgusida yanada faol hamkorlik qilishga hamda ARIN-WCA tarmog'ini rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.