2020 yil 24 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Xalq ta'limi vazirligining A.Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o'rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti hamda Bosh prokuratura Akademiyasi o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolanishiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Memorandumni imzolash marosimida Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig'i YE.V.Kolenko hamda A.Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o'rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori A.M.Radjiev, shuningdek muassasalarning mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida tomonlar o'rtasida bo'lib o'tgan konstruktiv muloqot davomida hamkorlik yo'nalishlarini muhokama qilinib, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonini takomillashtirishga qaratilgan o'zaro manfaatli va samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar andragogik ta'limning o'ziga xos xususiyatlariga ko'ra professor-o'qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirish, ta'lim jarayoniga ilg'or pedagogik hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda jinoyatchilik profilaktikasiga doir tadbirlarda va korrupsiyaga qarshi kurash choralari samaradorligini oshirishda hamkorlik qilishni belgilab olishdi.
Memorandumning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Xususan, unda institutning yetakchi mutaxassislarini Akademiyaning ilmiy-tadqiqot hamda o'quv jarayoniga jalb qilishni kengaytirish imkoniyatlari, Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan xalq ta'limi tizimi rahbar kadrlarining huquqiy savodxonligini oshirish, hamkorlikda o'quv materiallari, boshqa o'zaro manfaatli yo'nalishlar bo'yicha loyihalarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.