Jinoyat-ijroiya qonunligini takomillashtirish yuzasidan o'quv seminar tashkil etildi

Jinoyat-ijroiya qonunligini takomillashtirish yuzasidan o'quv seminar tashkil etildi

2020 yilning 26 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan BMTning Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jinoyat-ijroiya qonunchiligi talablarining huquqni qo'llash amaliyotiga to'g'ri tatbiq etilishini ta'minlash masalalari” mavzusida o'quv-seminar tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman), Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi – Probatsiya xizmati xodimlari, shuningdek Bosh prokuratura Akademiyasi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, TDYUU, JIDU vakillari hamda jinoyat-ijroiya qonunchiligi sohasidagi Shvetsiya, Ukraina va Qozig'istondan xorijiy ekspertlar ishtirok etdilar.

Seminar davomida penitentsiar tizimi sohasidagi xalqaro standartlar va normalarni inobatga olgan holda, O'zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarni ijro etish mexanizmlarini qayta ko'rib chiqish, shartli hukm qilingan va jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat samaradorligini oshirish masalalari muhokama etildi.

Bundan tashqari, xorijiy ekspertlar P.Olsson, O.Filipets, K.Avtuxov, V.Chovgan o'z ma'ruzalarida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi penitentsiar muassasalar faoliyatining ijobiy tajribasi, shuningdek mahkumlarni kelajakda ish bilan ta'minlash va ularni resotsializatsiya qilishga doir dasturlarning o'ziga xos xususiyatlari hamda ushbu sohadagi probatsiya xizmatining ilg'or amaliyotiga doir masalalarni yoritishdi.      

Ishtirokchilar tomonidan umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq mahkumlarning huquqlari doirasini yanada kengaytirish va jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligini ta'minlash jinoiy jazolarning ijrosi sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlaridan hisoblanishi ta'kidlandi.