2020 yil 30 noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida “Yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o'tkazildi.
Konferensiya ishida BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda, Yevropa Kengashining Sharqiy hamkorlik bo'limi rahbari T.Karapetyan, Yevropa Kengashining loyihalar koordinatori K.Xoxlova, YUNESKOning Ta'limda informatsion texnologiyalari institutining raqamli pedagogika va o'quv materiallari bo'limi mutaxassisi D.Kapelyushnik va boshqalar ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda milliy ilmiy-tadqiqot muassasalari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Advokatlar palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, IIV Akademiyasi, TDYUU va uning Ixtisoslashtirilgan filiali, JIDU, YUMOM, Berdaq nomidagi QDU, SamDU, NamDU vakillari qatnashdi.
Tadbirning asosiy maqsadi yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining holati va istiqbollarini xalqaro va idoralararo ekspertlar ishtirokida muhokama qilishdan iborat.
Muhokama va munozaralar jarayonida yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, raqamli pedagogikani joriy etish va rivojlantirish, masofaviy o'qitish, katta yoshdagilar ta'limi sifatini takomillashtirish, shuningdek barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta'lim muassasalarining rolini oshirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir yakuni bo'yicha konferensiya tezislari to'plamini nashr qilish rejalashtirilgan.