Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Bosh prokuratura Akademiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalar koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi hamkorligida “Davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyani oldini olish: muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi global anjuman o'tkazildi.
Konferensiya 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o'tkazilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi turkum tadbirlari davomi bo'ldi.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha milliy kengashi raisi – Oliy Majlis Senatining Raisi T.Narbaeva, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov, YEXHT O'zbekistondagi loyihalar koordinatori Dj.MakGregor, BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori X.Freyzer, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska va BMTning GJBB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili A.Mittal kirish so'zlari bilan ishtirok etdilar.
Bosh prokuratura Akademiyasi rahbari “Ilm-fan va ta'lim orqali korrupsiyaning oldini olish” mavzusidagi ma'ruza bilan so'zga qilib, ishtirokchilarga Akademiyaning qayd etilgan sohadagi faoliyati bo'yicha ma'lumot berdi va korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan aniq takliflarni ilgari surdi.
Konferensiyada O'zbekistondagi vazirlik va idoralarning rahbarlari va mas'ul xodimlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, Ukraina, Qozog'iston, Malayziya va Bolgariyaning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralarining rahbarlari ishtirok etdi.
Xorijiy ekspertlar korrupsiyaga qarshi kurashish tajribalari, shuningdek amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar bilan o'rtoqlashib, ularni bartaraf etish yo'llari bo'yicha fikr almashishdi.
Tadbir yakunida halollikni ta'minlash chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish masalalari bo'yicha munozara o'tkazilib, mazkur yo'nalishdagi tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.