Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tezkor xodimlari hamda ishga yangi qabul qilingan xodimlari uchun navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi.
O'quv kursi dasturi jinoiy sxemalar va korruptsion qilmishlarni aniqlashda tizimli tahlil, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, byudjet mablag'larini talon-toroj qilish, soliq va valyuta sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni tashkil etish masalalarini qamrab olgan.
Kurs davomida tinglovchilarning shaxsiy va ishchanlik sifatlarini yanada oshirish maqsadida vaqtni unumli boshqarish, jamoada ijobiy muhitni va psixologik barqarorlikni ta'minlash, nizolarning oldini olish va muloqot psixologiyasi bo'yicha mashg'ulotlar nazarda tutilgan.
Kursni o'tkazishni lozim darajada tashkil etish maqsadida tinglovchilarga ishdan ajralmagan holda kursni o'tash tartibi, amaliy topshiriqlarni bajarish qoidalari tanishtirilib, ularning Akademiya professor-o'qituvchilari bilan doimiy aloqada bo'lish imkoniyatlarini ta'minlash choralari ko'rildi.