Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida jinoyat va jinoyat- protsessual qonunchiligini takomillashtirish

Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida jinoyat va jinoyat- protsessual qonunchiligini takomillashtirish

Bosh prokuratura Akademiyasida Yevropa Kengashi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat tashkiloti ko'magida «Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish» mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi.

Davra suhbati Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuniga bag'ishlangan korruptsiyaga qarshi kurashish haftaligining yakuniy tadbiri bo'ldi.

Tadbirda kirish so'zi bilan ishtirok etgan Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining loyiha menedjeri Roman Shlapak, IHTT Korrupsiyaga qarshi tarmog'i rahbari Olga Savran, «Mintaqaviy muloqot» XNT direktori Myusha Sever mamlakat hukumati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish bo'yicha amalga oshirilgan tadbirlarni va bu sohada erishilgan yutuqlarni qayd etib o'tishdi.

Davra suhbatining ekspertlari sifatida xalqaro mutaxassislar – Drago Kos, Goran Klemenchich, Vladimir Kozin ishtirok etishdi.

Ma'ruzachilar yangi tahrirda ishlab chiqilayotgan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari loyihalarida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qoidalarning, shu jumladan mavqeini suiiste'mol qilish, yuridik shaxslarning javobgarligi,  jinoiy faoliyat natijasidagi daromadlarni musodara qilish kabi korruptsiyaga oid jinoyatlar bo'yicha ekspert tahlilini keltirishdi.

Muhokamada milliy akademik doiralar, jumladan IIV Akademiyasi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Bosh prokuratura Akademiyasi jinoyat huquqi sohasidagi professor va olimlari ishtirok etishdi.

Xalqaro va milliy ekspertlar milliy qonunchilik xususiyatidan kelib chiqqan holda xalqaro ilg'or standartlarni implementatsiya qilish masalalarining muhokamasini davom ettirish lozimligini qayd etishdi.