2020 yil 16 sentyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyo – qonun ustuvorligi: shaffoflikka ko'maklashish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish (SA TAES UZ)” loyihasi doirasida “Evropa Kengashining korrupsiyaga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi standartlari va monitoring mexanizmlari” mavzusida vebinar o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi davlatlar guruhi (GREKO) va Yevropa Kengashining korrupsiyaga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi konvensiyalarida ishtirok etish masalasini o'rganib chiqish bir qancha dasturiy hujjatlarda nazarda tutilgan.
Shu bois, vebinar davomida Yevropa Kengashining korrupsiyaga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasidagi vositalari, GREKOning monitoring o'tkazish jarayoni, mazkur mexanizmlarga Yevropa Kengashiga a'zo bo'lmagan mamlakatlarning qo'shilishi va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda Yevropa Kengashining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi rahbari Mustafa Ferati, loyiha koordinatori Roman Shlapak, GREKO guruhi ijrochi kotibi Djanluka Espozito, Varshava konvensiyasi ishtirokchilari bo'lgan davlatlar Konferensiya Byurosi a'zosi Ani Goyunyan (Armaniston), O'zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy sudi, IIV, TIV, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va DXX Akademiyasi vakillari ishtirok etdi.